“Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish - JDS” beg‘araz yordam dasturi doirasida Almashinuv notalarining imzolanishi

2026/9/28
1
2
3

  2026-yilning 28-sentabr kuni Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi  Favqulodda va Muxtor Elchisi janob HIRATA Kenji va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar Vaziri janob Kongratbay SHARIPOV Yaponiya hukumatining beg‘araz yordam dasturi doirasida umumiy miqdori 358 million iyengacha (taxminan 2,25 mln AQSH dollari) bo‘lgan  “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” (yosh davlat ishchilari uchun Yaponiyada tahsil olish dasturi) bo‘yicha Almashinuv notalarini imzoladilar. Shu bilan birga, Vazir janob SHARIPOV va JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob SAKAI Mamoru loyiha bo‘yicha Grant shartnomasini imzoladilar.
 
  Mazkur dastur O‘zbekistondagi yosh davlat xizmatchilari mamlakat uchun ustuvor bo‘lgan sohalarda bilim olish maqsadida Yaponiyaning oliy o‘quv yurtlarida magistratura bosqichida tahsil olishlari va magistr darajasini qo‘lga kiritishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Dastur yakunida, O‘zbekistonning kelajagini belgilovchi kadrlar mamlakatga qaytgach, O‘zbekiston hukumati tomonidan siyosat va davlat dasturlarini ishlab chiqish kabi faoliyatlarga hissa qo‘shishlari, shuningdek, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish hamda do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishlari kutilmoqda.
 
  Shuningdek, ushbu hamkorlik 2025-yil dekabr oyida ilk bor o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” Muloqoti doirasidagi Sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Davlat rahbarlarining qo‘shma deklaratsiyasi (“Tokio deklaratsiyasi”)da belgilangan uchta ustuvor hamkorlik yo‘nalishidan biri — “Inson kapitalini rivojlantirish” yo‘nalishini amaliyotga tatbiq etishga ham qaratilgan.
 
  Yaponiya Hukumati ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonda inson resurslarini rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni yanada mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettiradi.