Yapon madaniyatining yozgi “Tanabata” festivali bo‘lib o‘tdi
2026-yil 7-iyul kuni Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvonsaroyida Yaponiyaning eng mashhur va sevimli yozgi bayramlaridan biri - "Tanabata" festivali bo‘lib o‘tdi.
Festival doirasida mehmonlar uchun tanzaku va origami yasash bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi. Ishtirokchilar Yaponiyaning rang-barang qogʻoz tasmalari - tanzakuga eng ezgu tilaklarini yozib, ularni orzular roʻyobga chiqishiga boʻlgan umid ramzi hisoblangan bambuk shoxlariga osish anʼanasi bilan tanishdilar.
Tashrif buyuruvchilar uchun tematik fotozona ham tashkil etildi. Unda har bir mehmon an’anaviy yapon "happi" kiyimlarini kiyib ko‘rishi va esdalik uchun suratga tushishi imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi oshpazi janob Hagimoto Eyiji tomonidan festival uchun maxsus tayyorlangan yapon oshxonasining taomlarini tatib ko‘rish mehmonlarning alohida e’tiborini tortdi. Festival mehmonlari yapon madaniyati ixlosmandlariga mashhur manga va anime asarlari orqali tanish bo‘lgan an’anaviy yapon taomlari - tenmusu, korokke, takoyaki, anpan va mitarashi dangolarni tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tanabata festivali yapon an'analari, madaniyati va milliy taomlari bilan yaqindan tanishish, shuningdek, kunni samimiy va do‘stona muhitda o‘tkazish uchun ajoyib imkoniyat yaratdi.
