UJUAC Yaponiyada tahsil olgan bitiruvchilar klubining 10- uchrashuvi va Yaponiya hukumati stipendiatlarini kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi

2026/9/22
2
3

  
  2026-yil 19-sentabr kuni Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Elchisi qarorgohida Yaponiyada tahsil olgan bitiruvchilar klubinig UJUAC (Uzbekistan Japan Universities Alumni Club) 10- uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur klubning asosiy maqsadi Yaponiyada tahsil olgan bitiruvchilar o‘rtasidagi aloqalar va hamkorlik tarmog‘ini mustahkamlashdan iborat. Bu safargi tadbir joriy yil kuzida davlat stipendiyasi asosida Yaponiyada tahsil olish uchun jo‘nab ketadigan talabalarni kuzatish marosimi bilan birgalikda o‘tkazildi.

4
5
6
7

  Tadbir avvalida Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Kenji Hirata tabrik so‘zi bilan chiqib, yaqinda Yaponiyada tahsil olish uchun jo‘nab ketadigan talabalarga bo‘lajak o‘qishlarida muvaffaqiyatlar va samimiy tilaklarini bildirdi. Shuningdek, Yaponiya hukumatining davlat stipendiyalari dasturi 1996-yilda boshlanganidan buyon ko‘plab o‘zbekistonliklar Yaponiyada tahsil olganini, hamda, JICA, JICE, JASSO, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) kabi tashkilotlar tomonidan turli ta’lim va stipendiya dasturlari amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Elchi ta’lim sohasidagi hamkorlik Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Yaponiyada tahsil olib, O‘zbekistonga qaytgan bitiruvchilar bugungi kunda davlat idoralari va xususiy kompaniyalarning muhim lavozimlarida faoliyat yuritayotganini qayd etib, ularning faoliyati kelgusida Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishiga umid bildirdi.
   Shundan so‘ng, joriy yil kuzida Yaponiyada tahsil olish uchun jo‘nab ketadigan talabalar tanishtirildi. Har bir talaba o‘zining qisqacha nutqi bilan ishtirok etdi.

8

  Uchrashuv yakunida o‘tkazilgan qabul marosimida Elchi qarorgohi oshpazi janob Hagimoto tomonidan tayyorlangan yapon taomlari mehmonlarga tortiq qilindi. Samimiy va do‘stona muhitda ishtirokchilar o‘zaro faol muloqot qilib, fikr almashdilar. Mazkur uchrashuv yangi aloqalar va hamkorlik tarmoqlarining shakllanishiga xizmat qildi.

9
10