Oʼzbekiston Respublikasi uchun "Davlat binolarida energiya samaradorligini oshirish loyihasi" va "Sanoat sektorida energiya samaradorligini oshirish loyihasi" boʼyicha iena kreditiga doir Аlmashinuv notalarining imzolanishi
2026 yil 10 iyun kuni Toshkent shahrida Yaponiyaning Oʼzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob XIRАTА Kenji hamda Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri janob KUCHKAROV Djamshid tomonidan Yaponiya hukumatining iena krediti doirasida amalga oshiriladigan «Davlat binolarida energiya samaradorligini oshirish loyihasi» (maksimal miqdori 21,788 milliard iena) va «Sanoat sektorida energiya samaradorligini oshirish loyihasi» (maksimal miqdori 14,969 milliard iena) boʼyicha Аlmashinuv notalari imzolandi.
Oʼzbekiston Respublikasida energiya taʼminoti asosan qazilma yoqilgʼilarga tayangan holda amalga oshiriladi. Yalpi ichki mahsulot birligiga toʼgʼri keladigan energiya isteʼmoli va issiqxona gazlari chiqindilari darajasi dunyo miqyosidagi oʼrtacha koʼrsatkichlariga nisbatan yuqori boʼlib, energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dolzarb vazifa deb hisoblanadi. Mazkur hamkorlik davlat binolari, shuningdek sanoat va tijorat sohalarida energiya tejamkor uskunalar va texnologiyalarni modernizatsiya qilish hamda joriy etishni qoʼllab-quvvatlash orqali energiya isteʼmoli va issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga qaratilgan. Shu tariqa, loyiha mamlakatning yashil iqtisodiyotga oʼtish jarayoniga, energiya xavfsizligini taʼminlashga hamda iqlim oʼzgarishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishga hissa qoʼshadi.
Ushbu hamkorlik 2025 yil dekabr oyida boʼlib oʼtgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» Muloqotining birinchi Sammiti yakunlari boʼyicha qabul qilingan Davlat rahbarlarining qoʼshma deklaratsiyasida (Tokio deklaratsiyasi) belgilangan hamkorlikning uchta ustuvor yoʼnalishlaridan biri boʼlgan “Yashil rivojlanish va barqarorlik”ning amaliy amalga oshirilishidir.
Ushbu hamkorlikni amalga oshirish orqali Yaponiya va Oʼzbekiston Respublikasi oʼrtasidagi doʼstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Taqdim etish shartlari
1. Loyiha nomi:
«Davlat binolarida energiya samaradorligini oshirish loyihasi»
a) Foiz stavkasi: 2,40 % (asosiy qarz), 0,80 % (konsalting xizmatlari)
b) Qaytarish muddati: 25 yil (shu jumladan 7 yil imtiyozli davr)
v) Xarid shartlari: imtiyozli, bogʼlanmagan (Untied)
2. Loyiha nomi: «Sanoat sektorida energiya samaradorligini oshirish loyihasi»
a) Foiz stavkasi: 2,40 % (asosiy qarz), 0,80 % (konsalting xizmatlari)
b) Qaytarish muddati: 25 yil (shu jumladan 7 yil imtiyozli davr)
v) Xarid shartlari: imtiyozli, bogʼlanmagan (Untied)
