“Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga tibbiy jihozlarni topshirish marosimi to‘g‘risida
3 sentabr kuni Yaponiya hukumatining “Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga umumiy qiymati taxminan 111,720 AQSH dollariga teng tibbiy jihozlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Yaponiyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi HIRATA Kenji janoblari; Oʻzbekiston respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi vazir oʻrinbosari MUXAMEDOV Sherzod janoblari, Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i RAJABOV Muxsin janoblari; Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori janob HAYDAROV Shuxrat va loyihaga aloqador boshqa tibbiyot xodimlari ishtirok etdilar.
Yaponiya tomonidan ko‘rsatilayotgan ushbu hamkorlik doirasida shifoxona ginekologik endoskopik hamda artroskopik to‘plam bilan jihozlanib, bemorlarga yanada xavfsiz va aniq tashxis qo‘yish hamda yuqori sifatli jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Yaponiya har bir inson o‘z qadr-qimmatini his qilgan holda yashay oladigan jamiyat barpo etishga qaratilgan “Insonlar xavfsizligini ta’minlash” tamoyiliga alohida ahamiyat qaratadi. O‘zbekistonda 1995 yildan beri “Inson xavfsizligini ta`minlash bo`yicha kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” grant dasturi doirasida sog‘liqni saqlash, ta'lim va qishloq xo‘jaligi sohalarida jami 428 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 114 tasi sog‘liqni saqlash sohasiga oid loyihalardir. Buxoro viloyatida mazkur loyiha ushbu dastur doirasida sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan 11-loyiha hisoblanadi.
Biz bundan keyin ham O‘zbekiston Respublikasida yuqori sifatli sog‘liqni saqlash xizmatlari imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan hamkorlikni davom ettiramiz.
