Yaponiya davlat byudjeti hisobidan deportatsiyani amalga oshirish
8-may kuni Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi Yaponiyada noqonuniy ravishda bo‘lib turgan 1 nafar O‘zbekiston fuqarosini O‘zbekistonga deportatsiya qildi. Mazkur fuqaro Yaponiyaga biznes maqsadida qisqa muddatli viza bilan kirib kelgan va yashash muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda qolib ketgan.
«Turizm», «Biznes», «Qarindoshlar yoki tanishlarni yo‘qlash» kabi maqsadlarda beriladigan qisqa muddatli vizalar mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallanmagan. Ushbu viza bilan mamlakatda ishlash va uzoq muddat qolish taqiqlanadi. Noqonuniy yashash yoki noqonuniy mehnat faoliyati aniqlangan taqdirda, bunday shaxslar politsiya tomonidan hibsga olinib, immigratsiya markazlariga joylashtiriladi va deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi. Bundan tashqari, Yaponiya hukumati qoidabuzarlar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston hukumatiga taqdim etayotgani sababli, O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham tegishli choralar ko‘rilishi mumkin. Shu sababli, «Yaponiyada ishlash mumkin» degan turli takliflarga osongina ishonib qolmaslik uchun ogoh bo‘lishingizni so‘raymiz.
