O‘zbekiston Respublikasi bilan bandlik tizimi bo‘yicha Hamkorlik memorandumi imzolandi
Yaponiya Hukumati (Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Milliy politsiya agentligi) va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi) o‘rtasida joriy yilning 29 iyun kuni Ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun bandlik dasturi bo‘yicha Hamkorlik memorandumi (MOC: Memorandum of Cooperation) imzolandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Texnik stajerlar dasturi bo‘yicha Hamkorlik memorandumi mavjud bo‘lib, 2027-yil aprel oyidan boshlab mazkur dastur o‘rniga Ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun bandlik dasturi joriy etilishi munosabati bilan ushbu dasturga oid Memorandum tayyorlandi.
Ushbu Memorandumning maqsadi Ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun bandlik dasturida qatnashuvchi chet ellik fuqarolarni ishga yuborish va qabul qilish bo‘yicha ikki tomonlama majburiyatlarni o‘rnatish orqali ikki davlat hamkorligi ostida, jumladan dastur doirasidagi xorijiy ishchilarni himoya qilish, tizimni to‘g‘ri va samarali ishlashini ta’minlashdir. Memorandumining asosiy bandlari quyidagilardan iborat.
Yaponiya vazirlik va idoralarining majburiyatlari
- Ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun bandlik dasturi to‘g‘risidagi qonun* talablariga muvofiq nazorat va ko‘maklashuvchi tashkilotlarga litsenziya berish hamda mazkur dastur rejalari bo‘yicha tasdiqlash ishlarini tegishli tartibda amalga oshirish.
- Nazorat va ko‘maklashuvchi tashkilotning litsenziyasi yoki Dastur rejasining tasdig‘i bekor qilingan hollarda, shuningdek boshqa shunga o‘xshash choralar ko‘rilgan taqdirda, O‘zbekiston tomonini xabardor qilish.
- Dastur doirasida O‘zbekiston tomonidan faoliyat yurituvchi ishchining nomaqbul faoliyati haqida ma’lumot taqdim etilgan taqdirda, tegishli tekshiruv o‘tkazish, zarur choralarni ko‘rish hamda natijalari haqida O‘zbekiston tomoniga ma’lumot berish.
*Xorijiy fuqarolarning Ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun bandlik dasturini tegishli tarzda amalga oshirish hamda ushbu tizim doirasidagi xorijiy fuqarolarni himoya qilish to‘g‘risidagi Qonun (2016-yil, 89-son Qonun).
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Migratsiya agentligining majburiyatlari
- Mazkur Memorandumda belgilangan mezonlarga muvofiq yuboruvchi tashkilotlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish ishlarini tegishli tartibda amalga oshirish.
- Yuboruvchi tashkilotning akkreditatsiyasi bekor qilingan taqdirda yoki boshqa shunga o‘xshash choralar ko‘rilgan holatlarda Yaponiya tomonini xabardor qilish.
- Yaponiya tomonidan nomaqbul faoliyat yuritayotgan yuboruvchi tashkilot haqida ma’lumot taqdim etilgan taqdirda, tegishli tekshiruv o‘tkazish, zarur choralarni ko‘rish hamda natijalari haqida Yaponiya tomoniga ma’lumot berish.
Umumiy bandlar
- Ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun bandlik dasturini amal qilishi yuzasidan zaruratga ko‘ra muhokamalar o‘tkazish.
- Mazkur Memorandum doirasidagi hamkorlik Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ilova:
Ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun bandlik dasturi bo‘yicha O‘zbekiston bilan imzolangan Hamkorlik memorandumi (ingliz tilida)
Ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun bandlik dasturi bo‘yicha O‘zbekiston bilan imzolangan Hamkorlik memorandumi (norasmiy tarjima: yapon tilida)
