Yaponiya Tashqi ishlar bo‘yicha parlament vaziri o‘rinbosari Eri Arfiya xonimning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi (2026-yil 1-3-may)

2026/5/22

  1-may kuni Yaponiya Tashqi ishlar bo‘yicha parlament vaziri o‘rinbosari Eri xonim Vakillar palatasi deputati Taro Kono bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri janob Baxtiyor Saidovga hurmat tashrifini amalga oshirdi.

  Tomonlar o‘tgan yil dekabr oyida ilk bor bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti sammiti hamda ikki tomonlama oliy darajadagi uchrashuv natijalaridan kelib chiqib, “Yaponiya va Markaziy Osiyo sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik sherikligi” doirasida sun’iy intellekt sohasida, shuningdek siyosiy munosabatlar, iqtisodiy aloqalar, insonlar o‘rtasidagi almashinuvlar kabi turli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, tomonlar muhim minerallar yetkazib berish manbalarini kengaytirish va xilma-xillashtirishga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan iqtisodiy xavfsizlik masalalari hamda mintaqaviy vaziyat yuzasidan fikr almashib, yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

  Bundan tashqari, Parlament vaziri o‘rinbosari Eri xonim “Erkin va ochiq Hind-Tinch okeani mintaqasi” konsepsiyasining asosini tashkil etuvchi erkinlik va qonun ustuvorligi kabi tamoyillarni izohlab o‘tdi.
 


O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri janob Saidovga hurmat tashrifi
 

  Shu kuni Parlament vaziri o‘rinbosari Eri xonim O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari janob Muzaffarbek Madrahimov bilan fikr almashdi.

  Tomonlar Afg‘oniston va Erondagi vaziyat, yadroviy qurol va raketa masalalari, yapon fuqarolarning o‘g‘irlab ketilishi muammolarini o‘z ichiga olgan Shimoliy Koreyaga munosabat, shuningdek Sharqiy Osiyodagi vaziyat kabi mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashib, xalqaro maydonda ham yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Parlament vaziri o‘rinbosari Eri xonim yapon fuqarolarning o‘g‘irlab ketilishi masalasini zudlik bilan hal etish borasida bundan keyin ham hamkorlik ko‘rsatishni so‘radi hamda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari janob Madrahimov tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
 


O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari janob Madrahimov bilan fikr almashuv 
 

  2-may kuni Parlament vaziri o‘rinbosari Eri xonim Vakillar palatasi deputatlari janob Taro Kono va janob Shinji Inoue bilan birgalikda Samarqandga tashrif buyurib, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari janob Xurshidbek Samiyev bilan uchrashuv va   tushlik o‘tkazib, Samarqand va Yaponiya o‘rtasida iqtisodiyot, madaniyat, turizm kabi sohalarda mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

  3-may kuni Parlament vaziri o‘rinbosari Eri xonim Vakillar palatasi deputatlari janob Taro Kono, janob Shinji Inoue va janob Keisuke Suzuki bilan birgalikda beshinchi “Yaponiya - O‘zbekiston parlamentlararo forumi” hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan tashkil etilgan tushlikda ishtirok etdi. Ushbu uchrashuvlarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlararo almashinuvlarning muhim ahamiyati ta’kidlandi, shuningdek savdo-iqtisodiyot va yashil energetika, ta’lim va kadrlar tayyorlash, innovatsiyalar va axborot texnologiyalari sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

  Shu kuni Parlament vaziri o‘rinbosari Eri xonim Vakillar palatasi deputatlari janob Taro Kono, janob Shinji Inoue va janob Keisuke Suzuki bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri janob Akbar Tashkulovga hurmat tashrifini amalga oshirdi. Tomonlar qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro tartibni saqlash va mustahkamlash yo‘lida strategik sherik bo‘lgan ikki mamlakat o‘rtasida huquqiy va adliya sohalaridagi faol almashinuvlarni yuqori baholab, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” adliya vazirlari uchrashuvini o‘tkazish yo‘lida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
 


O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri janob Tashkulovga hurmat tashrifi
 

  Shu kuni Parlament vaziri o‘rinbosari Eri xonim Vakillar palatasi deputatlari janob Taro Kono, janob Shinji Inoue va janob Keisuke Suzuki bilan birgalikda O‘zbekistonda vafot etgan yaponlar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik hamda Sobiq Sovet Ittifoqi davrida asirlikda vafot etgan yapon fuqarolari dafn etilgan Yakkasaroy qabristoniga tashrif buyurib, gul qo‘ydi. Shuningdek, delegatsiya “Yaponiya fuqarolarining 1940-yillarda O‘zbekistonda bo‘lganligi haqidagi unutilmas ekspozitsiya” muzeyiga tashrif buyurdi. Muzey direktori Risolat Sultonova xonim delegatsiya a’zolariga o‘sha davrdagi yapon asirlari va o‘zbek xalqi o‘rtasidagi samimiy munosabatlar haqida ma’lumot berdi. Delegatsiya, shuningdek, o‘sha davrga oid buyumlar va hujjatlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
 

   
O‘zbekistonda vafot etgan yaponlar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik      Yapon fuqarolari dafn etilgan Yakkasaroy qabristoni

 

  Parlament vaziri o‘rinbosari Eri xonim O‘zbekistonga tashrifi davomida jami uch marotaba mahalliy OAVga intervyu berib, savollarga mahalliy tilda — o‘zbek tilida javob berdi. Ushbu intervyularda Parlament vaziri o‘rinbosari Eri xonim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti janob Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi hamda Yaponiya - O‘zbekiston oliy darajadagi uchrashuvi natijasida ikki mamlakat munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi davomida mustahkamlangan ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonchni bundan keyin ham yanada rivojlantirish niyatida ekanini bildirdi.
 


Intervyu